Янгиликлар
Intellektual mulk davlat himoyasida
Joriy yilning 20 may kuni Buxoro viloyat adliya boshqarmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Buxoro viloyat Intellektual mulk himoyasi markazi va viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Intellektual mulk davlat himoyasida” shiori ostida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari A.Ro‘ziev so‘zga chiqib, kun tartibidagi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi PQ–4965-son qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shu jumladan, Buxoro viloyatida Intellektual mulk himoyasi markazi tashkil etilganini bildirib, uchrashuv ahamiyati haqida so‘zlar ekan, bugungi kunda intellektual mulkni himoya qilish masalasi naqadar dolzarbligini ta'kidlagan holda, kelgusida Markaz va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida kelishib olish lozimligini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng, so‘z navbatini markaz rahbari F.Amirkulov olib, “Intellektual mulk davlat himoyasida” deb nomlangan ma'ruzasi bilan davra suhbatini davom ettirib, intellektual mulk va uni ob'ektlari tushunchasi, intelektual mulk sohalari, xususan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, tovar belgilari, sanoat mulki ob'ektlari to‘g‘risida tadbir ishtirokchilariga ma'lumot berib, intelektual mulk ob'ektlarini muhofaza qilishning dolzarbligi, ushbu sohani tartibga soluvchi halqaro va milliy normativ-huquqiy hujjatlar, kontrafakt mahsulotlar tushunchasi va ularga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va uning vazifalari to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumotlar ulashdi.
Suhbat davomida markaz yetakchi mutaxassisi A.Akramov so‘zga chiqib, uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi PQ–4965-son qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida qo‘shimcha qilgan holda, intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etilishi bugungi kun zarurati ekanligi to‘g‘risida eslatib o‘tdi.
Ma'ruzalar yakunlangach, davra suhbati ochiq munozara shaklida davom etdi. Bunda davra suhbati katnashchilari faol ishtirok etgan holda, savol va takliflari bilan diqqat markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari, davra suhbati ishtirokchilari intellektual mulk huquqi sohasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar. Davra suhbatining yakuniy qismida kontrafakt mahsulotlarning zararli oqibatlari xususida ogoh etish va kontrafaktni asl mahsulotlardan ajratish bo‘yicha tadbir ishtirokchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Agentlik tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish qilindi.
Shundan so‘ng, Agentlik tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan kontrafakt mahsulotlar katalogi ishlab chiqilganligi, fuqarolarmiz tomonidan kontrafakt mahsulotlar savdosi bo‘yicha tezkor xabar berishlari uchun ijtimoiy tarmoqlarda ima_monitoring_bot kabi maxsus murojaat dasturlari yaratilganligi eslatib o‘tilib, ishtirokchilarga kontrafakt mahsulotlar katalogi tarqatib chiqildi.
Davra suhbati yakunida kun tartibidagi masala atroflicha muhokama qilinib, intellektual mulkni muhofaza qilishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha vazifalarni o‘zaro taqsimlab olindi.
Huquqiy targ‘ibot va ma`rifat bo‘limi