Янгиликлар
"E-qaror" elektron tizimi viloyatdagi tuman va shaharlarda ham amalda!
Muqaddam xabar berganimizdek, Adliya vazirligi ishchi guruhi a`zolari viloyatda mutasaddilar tomonidan qarorlarni qabul qilish jarayonini butunlay elektron shaklda amalga oshirishni nazarda tutuvchi “E-qaror” elektron tizimi ishga tushirilishi, mazkur yo‘nalish bo‘yicha viloyatdagi hokimliklarda o‘quv-seminarlari tashkil etib kelinmoqda.
Tadbirlarda hokimliklarning mas`ullari, davlat tashkilot va muassasalarining tegishli soha vakillari ishtirok etishib, elektron tizimda ishlash bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.
Binobarin, yangi dasturning ustunlik tomonlari shundaki, chiqarilayotgan qarorlarni keng jamoatchilik ushbu tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bemalol kuzatib borishi orqali, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati va ish yurituvi shaffoflashishiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol bo‘lishini oldini olishga, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari uchun asossiz xarajatlarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha ma`muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan normalarni o‘rnatilishini oldini olishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, noqonuniy hujjatlar qabul qilinishini oldini olish, hokimliklar faoliyati ochiq va oshkoraligini ta’minlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi 218-son “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorga asosan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron — «E-qaror» elektron tizimi 2021 yilning yanvar – may oylarida Qashqadaryo viloyatida aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment o‘tkazilishi, 2021 yil 1 iyuldan boshlab huquqiy eksperiment natijalari asosida «E-qaror» elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan edi.
Bekzod Nishonov,
Huquqiy targ‘ibot va ma`rifat bo‘limi boshlig‘i