Янгиликлар
Fermer xo'jaligi sohasidagi islohotlar
Maʼlumki, soʼngi yillarda mamlakatimiz fermer xoʼjaligini isloh qilish, xususan sohada bozor munosabatlarini keng joriy qilish, soha ishtirokchilari oʼrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi PF-5853-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʼljallangan Strategiyasi”da ham qishloq xoʼjaligi tarmogʼini modernizatsiya qilish va boshqaruvning zamonaviy tizimini yaratish, soha boshqaruvida davlat ishtirokini kamaytirish va xususiy investitsiyalar oqimini koʼpaytirish singari bir qator ustuvor vazifalar belgilangan edi.
Ushbu sohadagi vazifalar ijrosini ta'minlash uchun boshoqli don ekinlari navlarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda joylashtirish, maqbul muddatlarda ekish va parvarishlash, buning uchun zarur boʼlgan moddiy-texnika resurslarini oʼz vaqtida va toʼliq yetkazib berish, boshoqli don hosildorligini hamda fermer xoʼjaliklari va gʼallachilik klasterlarining manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Gʼalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» 2020-yil 6-martdagi PQ-4634-son qarorining imzolanganligi ushbu sohaning rivojiga yana bir shaxdam qadam bo'ldi desak adashmagan bo'lamiz. Ushbu qarorga muvofiq 2021-yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan gʼallaga xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechildi, boshoqli don ekinlari boʼyicha davlat xaridini toʼliq bekor qilindi, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi donning fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilish belgilandi.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 yanvardagi “Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4964-sonli qarori qabul qilinib, ushbu qarorga asosan Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, ekin yerlaridan samarali foydalanish, hududlarda fuqarolarning bandligi va farovonligini oshirish maqsadida Oʼzbekistonda fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasining (keyingi oʼrinlarda — Jamgʼarma) 413 milliard soʼm miqdoridagi mablagʼlari tijorat banklari orqali kredit mablagʼlari ajratishga yoʼnaltirildi.
Jamgʼarma «Mikrokreditbank» АTB, «Аgrobank» АTB hamda АT «Xalq banki» bilan birgalikda Jamgʼarma tomonidan avval ajratilgan kredit mablagʼlarining soʼndirilgan qismi hisobidan yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit mablagʼlari ajratiladigan bo'ldi.
Moliya vazirligi Jamgʼarmaga tijorat banklari orqali «Tomorqa xizmati» MChJlar, fermer va dehqon xoʼjaliklari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda tomorqa yer egalarini moliyaviy taʼminlash uchun Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini qoʼllab-quvvatlashga jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʼlari hisobidan 200 milliard soʼm miqdorida mablagʼ ajratilishi va mazkur mablagʼlarning 100 milliard soʼmi joriy yilning birinchi choragida, qolgan qismi haqiqiy talabdan kelib chiqib, keyingi choraklarda moliyalashtirib beriladi hamda kamida 50 milliard soʼmi «Turonbank» АTB orqali limonchilik yoʼnalishidagi loyihalar uchun ajratilishi belgilandi.
Yuqorida sanab o'tilgan qonun hujjatlaridan ko'zlagan maqsad fermer xo'jaligi sohasida tizimli huquq mexanizmni joriy etish orqali soha rivoji muvozanatini ta'minlashdan iboratdir.
Jahongir Ashurov,
Huquqiy targ‘ibot va ma`rifat bo‘limi
yetakchi maslahatchisi