Янгиликлар
Siyosiy ong va madaniyat - jamiyatimiz rivoji garovi!
Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha, shu jumladan huquqiy islohotlarning ham bosh maqsadi insonparvar demokratik davlat barpo etishga karatilgan bo‘lib, islohotlarning tub negizida inson manfaatlari, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish negizini yaratish, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy fuqarolik jamiyatini barpo etish yotadi.
Olib borilayotgan islohotlarni idrok qila olish, siyosiy ong va bilimni talab etadi. Siyosiy ong va madaniyatga ega shaxslargina voqelikni bilish, anglash, baho berish va unda faol ishtirok etishga harakat qiladi. Siyosiy qarashlariga ega fuqarolar o‘zlarini jamiyat va davlat oldida nafaqat xuquq va erkinliklariga egaligini balki burch va majburiyatlari borligini ham unutmasligi lozim.
Maqsadimiz - adolatli jamiyat barpo etish ekan, joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezidenti sayloviga befarq bo‘lmasligimiz darkor! Zero, saylov fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining asosiy shakli, ularning siyosiy huquqlarini ro‘yobga chiqarishi, o‘z xohish-irodasini erkin ifodalashini ta’minlaydigan siyosiy tadbirdir. Barchamiz kelajak uchun javobgar ekanligimizni anglagan holda Konstitutsiyamizda kafolatlangan ovoz berish huquqimizni anglashimiz darkor!
Mazkur siyosiy tadbirni Konstitutsiya va qonunchiligimizda umume’tirof etilgan xalqaro demokratik standartlar asosida va ularga to‘la rioya qilgan holda o‘tkazish ko‘p jihatdan jamiyatimiz siyosiy madaniyatiga, saylovchilarning yuksak faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashi hamda siyosiy yetukligini namoyon etishiga bog‘liqdir. Chunki har bir saylovchi jamiyatda kechayotgan demokratik islohotlardan boxabar bo‘lsa, bu jarayonga ongli ravishda yondashsa, o‘z ovozi jamiyat va davlat hayoti uchun, kelajak uchun ahamiyatli ekanini, saylovchi sifatida zimmasida katta mas’uliyat borligini anglab yetsagina, saylovlardan ko‘zlangan maqsadga erishilgan bo‘ladi.
Bu borada adliya organlari boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi va ijrochilarning siyosiy huquqiy ongini oshirish maqsadida tizimli ravishda seminar treninglar, joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonida har bir saylovchining shaxsan o‘zi ishtirok etishini tushuntirish, saylovchilarning saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy bilimlarini yuksaltirib borish maqsadida “Saylov – 2021: o‘z kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida viloyat hududiy ishchi guruhi hamda tuman (shahar) kichik ishchi guruhlari shakllantirilib, tasdiqlangan reja-grafik asosida har haftaning seshanba va juma kunlari davlat organlari, mahallalar kesimida targ‘ib tadbirlarini amalga oshirib borilishi belgilandi va hozirgi kunga qadar jami 200 dan ortiq manzilli targ`ibot tadbirlari tashkil etildi.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonligini oshirish, saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy bilimlarini hayotda qo‘llay olishlari uchun targ‘ib tadbirlarini hamkorlikda o‘z vaqtida va sifatli olib borilishini taminlash choralari ko‘rilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yuksak siyosiy ong va saylov madaniyat demokratik jamiyatning muhim mezoni, saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro andozalar doirasida, saylov qonun hujjatlari qoidalariga og‘ishmay o‘tkazishning asosiy sharti hisoblanadi.
Bekzod NISHONOV,
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat
bo‘limi boshlig‘i