Янгиликлар
Saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish bo‘yicha hududiy seminar-treninglar davom etmoqda
Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea — Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu muhim siyosiy voqelikda fuqarolarning faolligi saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Zero, mamlakat kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi davlat rahbari lavozimiga eng munosib nomzodni saylash hamda bu jarayonda saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, saylov jarayonlarining qonunchilikka muvofiq, belgilangan tartiblar asosida, yuqori saviyada o‘tkazilishi mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi imijiga ham katta ta’sir o‘tkazadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda so‘z erkinligiga berilayotgan e’tibor saylovni o‘tkazishda yangi talablarni qo‘ymoqdaki, bu o‘z navbatida saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayonida ishtirok etuvchilarning bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishini talab etadi.
Sir emaski, joriy yilning may-iyul oylari mobaynida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha hududiy seminar-treninglar o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lib, viloyat hokimligi rahbarligida joriy yilning 27-28 iyul kunlari bu borada qo‘shimcha seminar-treninglar grafigi tasdiqlandi.
Ayni kunlarda joylarda o‘tkazilayotgan seminar-treninglar davomida Adliya, Prokuratura, IIB va OTM mas’ulllaridan iborat ishchi guruhlari tomonidan USK a’zolariga mamlakatimizda Prezident saylovini o‘tkazishda normativ-huquqiy hujjatlar hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan metodik tavsiyalar talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan ma’ruzalar qilinmoqda.
Darhiqiqat, ushbu siyosiy jarayonlar zamirida mustaqil Vatanimizning taqdiri, uning porloq kelajagi turganligini his etish, ertangi kunimizga nechog‘lik mas’ul ekanligimizni har birimiz bilmog‘imiz zarurdir.
Jahongir ASHUROV,
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi
yetakchi maslahatchisi