Янгиликлар
"Ayollar daftari"ga kiritigan xotin-qizlarning muammolari o'rganilmoqda
Ayollar daftari - bu ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo'llab-quvvatlashga, bilim va kasb o'rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo'lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish, ularni nazoratini olib borish bo'yicha ma`lumotlar bazasidir.
Ushbu ma`lumotlar bazasini yuritilishi va ro'yhatda turgan ayollarning muammolarini o'z joyiga chiqib o'rganish bugun ustuvor ahamiyatga ega bo'lib bormoqda.
Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va koʼmakka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 250-son qaroriga muvofiq «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga huquqiy yordam ko'rsatish borasida viloyat adliya boshqarmasi va tizimdagi tuman (shahar) adliya bo'limlari bo'limlari xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan “Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” shiori ostida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, viloyat miqyosida 2144 nafar xotin-qizlar "Ayollar daftari"ga ro'yxatga olingan bo'lib, o'tgan davr mobaynida shularning 1815 nafariga huquqiy maslahatlar berish yuzasidan amaliy yordam ko'rsatilishi ta'minlandi va bu boradagi ishlar ayni paytda ham davom etmoqda.
Jumladan, joriy yilning 25 avgust kuni Romitan tumanining 3-sektori binosida Bogʼcha, Romitan, Ibn Sino, Tarnaut, Аttaron, Mirishkor, Аfrosiyob, Bobir mahalla fuqarolar yigʼinilari “Аyollar daftari”da roʼyxatda turuvchi huquqiy maslahatga muxtoj ayollarning muammolariga yechim topish maqsadida ushbu xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Qabulda ayollarning huquqiy muammolari nafaqat o'rganildi balki ularning masalalarini shu joyning o'zida hal etish choralari ko'rildi. Tadbirda adliya xodimlari tomonidan aholiga bugungi kunda ehtiyoji yuqori bo'lgan muhim masalalar ya`ni imtiyozli uy-joy sotib olish, imtiyozli kredit, ijtimoiy yordam pullari va boshqa shu kabi masalalar xususida umumiy tushunchalar berildi.
Xulosa o'rnida aytish kerakki, bu kabi tadbirlar og'ir sharoitda yashayotgan ayollarimizning nafaqat bugungi muammolarini hal qilish, balki ertangi farovon turmushi uchun qo'yilayotgan poydevor desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Jahongir Ashurov,
Huquqiy targ'ibot va ma`rifat bo'limi
yetakchi maslahatchisi