Янгиликлар
Adliya ko‘magi bilan 7 nafar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ishchi-xodimlariga imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiya tayinlandi
Fuqaro Saidov Faxriddin G‘aniyevich tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, umumiy ish staji jami 35 yilni tashkil etishi, shundan jami 29 yil 05 oy 19 kun Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limida 15-kasbiylashtirilgan yong‘in–qutqaruv qismida qism boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotganligi, Yong‘in xavfsizlik boshqarmasining 2019-yil 28-dekabr kunidagi 137-sonli buyrug‘i bilan “qutqaruvchi” maqomiga ega bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birgalikda Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Shofirkon tuman bo‘limiga murojaat qilinganida Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi uning sobiq ishlangan ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilmaganligi vaji bilan imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiya tayinlashni rad qilish haqida qaror qabul qilganligini bildirib, imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiya tayinlanishida amaliy yordam so‘radi.
Murojaat adliya xodimlari tomonidan joyiga chiqilib o‘rganilganda, Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Shofirkon tuman bo‘limi nafaqat murojaat muallifining imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqini balki, yana 6 nafar Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limi ishchi-xodimlarning imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqlarini asossiz ravishda rad etib kelayotganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-4276-son qarorining 4-bandiga ko‘ra Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yong‘in xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilarining tegishli toifalari uchun nazarda tutilgan harbiy unvonlar bo‘yicha oylik maoshi miqdori, kiyim-kechak va tibbiy ta’minot tartibi hamda boshqa ta’minot me’yorlari, xizmat davrini hisoblash, ijtimoiy imtiyozlarni va pensiya kafolatlarini ko‘llash joriy etiladi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yong‘in xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlariga pensiya hisoblanganda, ularning harbiy xizmat davriga oldingi xizmat joyi bo‘yicha xizmat davri, shuningdek, maxsus ofitser unvonlari berilgan holda ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilingan ofitserlar tarkibi uchun ularning oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi shaklida o‘qigan bir oy o‘qish davri bir oy xizmat davriga tenglashtirilgan holda kiritilishi, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasi 4-qismida Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlovchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilari umumiy belgilangan yosh o‘n yilga kamaytirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga egaligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy munosabat yuz bergan davr – xodimning Yong‘in xafsizligi boshqarmasida xizmatni o‘tagan davrida amal qilgan, hozirgi kunda o‘z kuchini yo‘qotgan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 566-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati to‘g‘risida”gi Nizomning 7-bandida yong‘inlarni o‘chirishni tashkil etish, yong‘in zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish, shuningdek atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan himoya qilish yong‘in xavfsizligi xizmati asosiy vazifalari hisoblangan.
Biroq, Adliya vazirligi tomonidan 12.03.2012 yilda 2337-raqami bilan ro‘yxatga olingan “Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 37-bandida 2-son Ro‘yxatning I-qismi «Qutqaruv ishlari» XXV-bo‘limi bo‘yicha imtiyozli pensiya ta’minotiga huquq beruvchi maxsus stajga qutqaruv xizmati qutqaruvchilari, qutqaruv xizmatlariga aniq bir dastur bo‘yicha tayyorlangan va o‘rnatilgan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi (kontrakti) bo‘yicha ishlayotgan ishchilarning professional qutqaruvchilari tuzilmalaridagi ish stajlari kiritiladi deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.04.2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-5706-sonli Farmoniga ko‘ra Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalari tugatilganligi bois o‘t o‘chiruvchi vazifasida ishlagan xodimning ish o‘rnini attestatsiya qilishning imkoniyati mavjud emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaat yuzasidan qonuniy yechim topish maqsadida 7 nafar ishchi-xodimning zararli va og‘ir mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash hamda imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiya tayinlash bo‘yicha taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudiga tegishli tartibida ariza kiritilib, sudning tegishli hal qiluv karori bilar 7 nafar Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Shofirkon tuman bo‘limi ishchi-xodimlariga imtiyozli ravishda muddatidan oldin pensiya tayinlandi.