Bog'lanish

Telefon
(+998 65) 223-21-20

Elektron manzil
buxoro@adliya.uz

Xabarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Bola puli kimlarga beriladi?


Katta mashaqqat bilan farzand o'stirayotgan, uning ehtiyojlarini qondirishda moddiy jihatdan qiynalayotgan ko'pchilik yosh ota-onalar davlat tomonidan moddiy yordam olishni xohlaydilar. Xalqimiz orasida ham: ”Nega bola puli hammaga berilmaydi, bola puli o'zi kimlarga beriladi?”, degan savollar ko'p uchraydi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi 654-sonli qaroriga muvofiq, kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oilaga bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam yashash joyi bo'yicha oilaning muomalaga layoqatli a'zosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi. Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro'yxatga olinadi.

Ariza fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro'yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko'rsatiladi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining tuman (shahar) bo'limi boshlig'ining nomiga ariza fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga taqdim etiladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

1.Ariza beruvchi va oila a'zolarining O'zbekiston Respublikasi pasporti yoki ID-kartalari;

2.Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo'lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olinganligi to'g'risida qayd varag'i;

3.Bolalari vasiylik ostida bo'lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining
nusxasi ilova qilinadi.

4.Oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to'g'risida ma'lumot;

5.Ariza beruvchi va uning oila a'zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag' qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o'tkazilgan pul o'tkazmalari yuzasidan ma'lumotlarni Markaziy bank tomonidan “Yagona reystr” ATga taqdim etish to'g'risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a'zolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza ilova qilinadi.

Ariza beruvchining oila tarkibi to'g'risidagi ma'lumot fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan tasdiqlanadi. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi har besh kunda kamida bir marotaba, biroq ariza berilgan oyning 19-sanasiga qadar ariza va taqdim etilgan zarur hujjatlarni hamda oilaning tarkibi to'g'risidagi ma'lumotlarni Pensiya jamg'armasi bo'limiga taqdim qiladi.

Oilani kam ta'minlangan deb e'tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash to'g'risida qabul qilingan arizalar Pensiya jamg'armasi bo'limining mas'ul xodimlari tomonidan har kuni, biroq ariza berilgan oyning26-sanasiga qadar “Yagona reystr” ATga kiritiladi.

Oila a'zolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir a'zosiga to'g'ri keladigan bir oylik o'rtacha jami daromadning hisob-kitobi, oila a'zosi nomida mavjud bo'lgan ko'chmas mol-mulki va avtotransport vositalari to'g'risidagi ma'lumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar “Yagona reystr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron o'zaro hamkorlikni qo'llagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi.

Oilani kam ta'minlangan oila deb e'tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Yagona reystr” AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Nafaqa tayinlashda oila a'zolarining o'rtacha daromadi hisobga olinadi. Oilaning har bir a'zosiga jami bir oylik o'rtacha daromad 440 ming so'mdan ortiq bo'lsa, nafaqa berish rad qilinadi. Aksincha, oila a'zolarining o'rtacha daromadi 440 ming so'mdan kam bo'lsa, nafaqa tayinlanadi. Agar oilada yolg'iz o'zi farzandini tarbiyalayotgan onalar bo'lsa, bunday oilaga nafaqa tayinlashda yengilliklar beriladi.

Shuningdek, idoralararo elektron axborot tizimi orqali olingan ma'lumotlar bo'yicha ko'chmas mulk ob'ektlariga bo'lgan huquqlarning davlat reystrida ariza beruvchi va uning oila a'zolari egaligida jami bittadan ortiq ko'chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo'lganda, oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a'zolari mavjud bo'lganda; so'nggi yetti yil ichida avtomashina sotib olgan fuqaroga, traktor yoki og'iravtomashinalari bor kishilarga ham nafaqa tayinlanmaydi.

Bundan tashqari, oila a'zolaridan birining eng kam ish haqining 5 barobari yoki undan ortiq miqdorda banklarda qo'yilgan omonatlari bo'lsa, oilaning oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a'zosi tomonidan mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad etilgan hollarda, rasmiy daromad manbalariga ega bo'lmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, o'zini o'zi band qilgan shaxslar ro'yxatiga kiritilmagan yoki haq to'lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila a'zosi mavjud bo'lganda ushbu oilaga bola nafaqasi tayinlamaydi. O'zini o'zi band qilgan fuqarolarga esa nafaqa tayinlanadi.

Shahzod Sharipov, Vobkent tuman adliya 

bo'limi yetakchi maslahatchisi