Bog'lanish

Telefon
(+998 65) 223-21-20

Elektron manzil
buxoro@adliya.uz

Xabarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun mohiyati


Davlat va jamiyat hayotidagi keyingi islohotlarga Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar poydevor bo‘lib xizmat qilishi zarur.

Jumladan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasida taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat suverineteti, xalq hokimiyatchiligini, insonlarning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, mahalliy ijro etuvchi va vakillik organlari vakolatlarini yanada aniq ajratrishni, davlat hokimiyatining tashkil etilishi, qonunchilik tashabbusi hamda sud-huquq va ta’lim-tarbiya, ijtimoiy himoya boshqa sohalarga oid bo‘lib, 64 ta moddaga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma qo‘shish nazarda tutilgan.

13-moddaga kiritilayotgan o‘zgartishlar misolida olsak, insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyati sifatida belgilanmoqda.

Yoki 24-moddada O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanishi belgilanmoqda.

Hayot inson uchun eng oliy ne’mat. Yashash huquqi har bir inson uchun ajralmas huquq hisoblanadi. Shu sababli, insonni hayotdan mahrum qilish hech qanaqasiga mumkin emasligi, hattoki jinoiy qilmish uchun jazo sifatida ham o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin emasligi Konstitutsiya darajasida belgilanmoqda.

Amaldagi qonunchilikda ham o‘lim jazosi mavjud emas. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosining bekor qilinishi tarixi 2008 yilga borib taqaladi.

Yashash huquqi shaxs tug‘ilganda vujudga keladi va unga daxl qilishni hech qanday asosga ko‘ra ham oqlab bo‘lmaydi.

Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli moddalarida odam o‘ldirish jinoyati uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, buning uchun hatto umumurbod ozodlikdan mahruh qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

“O‘lim jazosining taqiqlanadi,”- degan jumlani Konstitutsiyaga kiritilishi, ayrim og‘ir jinoyatlarning, xususan korrupsion jinoyatlarning oldini olish maqsadida o‘lim jazosini tiklash kerak degan ba’zi nazariy qarashlarga uzil kesil chek qo‘yish bilan birga shaxsning yashash huquqi davlat tomonidan himoya qilinishi hamda insonparvarlik tamoyillarining Konstitutsiyada yana bir bor mustahkamlanayotganligini anglatadi.

Konstitutsiyaga fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalar kiritilmoqda. 

Bugungi kunda eng aktual mavzulardan biri bo‘lgan uy-joy daxlsizligi, xususan
uy-joylarning noqonuniy buzilishi kabi nizoli masalalarga chek qo‘yish maqsadida 27-moddada hech kim uy-joydan sudning qarorisiz mahruh qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad esa, mulk daxlsizligini yana bir bor Konstitutsiya darajasida mustahkamlash bo‘lib, amaliyotda mansabdor shaxslar qaroriga asosan uy-joylarning buzilishi va buning natijasida fuqarolarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy va ma’naviy zararni oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardan biri shaxsiy hayot daxlsizligini yanada mustahkamlanayotganligida namoyon bo‘ladi.

Jumladan Konstitutsiyaning 25-moddasiga shaxs sud qarori qabul qilinmagunicha
48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emasligiga oid to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi jumlalar kiritilmoqda.

Kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.

Ushbu kabi normalarning Jinoyat protsessual kodeksida mavjudligiga qaramasdan Konstitutsiyada aynan ta’kidlanishi, birinchidan davlat tomonidan fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini himoyalashga juda jiddiy e’tibor qaratilayotganligini anglatsa, ikkinchidan fuqarolarning o‘z huquqlarini tanishini osonlashtiradi.

Chunki, fuqarolar Konstitutsiyasini bilish orqali o‘z huquqlarini tushunib oladi, boshqa qonun hujjatini qidirishga zarurat qolmaydi.

Shu sababli ham to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi normalarning kiritilishi Konstitutsiyani o‘qigan insonga aniq tushuncha hosil qilish uchun yengillik beradi.

Bundan tashqari, 26-moddaga ko‘ra aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Konstitutsiyadagi shaxsiy hayot dahlsizligi bilan bog‘liq yuqoridagi kafolatlar inson huquq va erkinliklari himoyasiga chuqur e’tibor qaratilayotganligini anglatadi va qonun va huquq ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yuqoridagi kabi 200 dan ortiq o’zgartishlar asosida aholining farovon hayoti, inson huquqlari va demokratik qadriyatlar ustuvorligi, xalq hokimiyatchiligini ta’minlash, davlat idoralarining xalq oldida ma’sulligini oshirish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsad qilingan.

Shuni ham eslatib o‘tish lozimki, Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.

    

 Buxoro viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi 

   S.Iskandarov