Янгиликлар
03
"Huquqiy axborot kuni" va sayyor qabullar davom etmoqda
Mamlakatimizda aholining murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, adliya tizimida ham jismoniy va yuridik shaxslarning yechimi topilmayotgan murojaatlari, yillar davomida hal qilinmagan muammolari doimiy o’rganilib, chorasi bo’yicha qator tadbirlar amalga oshirilayapti.
Bugun tizim tomonidan joylarda sayyor qabullar, huquqiy axborot kunlari va turli xildagi huquqiy aksiyalar o’tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglanmoqda. Bunday tadbirlarni mahallabay tizimda, ayniqsa, jinoyatchilik va huquqbuzarlik bo‘yicha qizil hudud toifasiga kirgan mahallalarda o’tkazilishi esa ayni muddao.
Mazkur sayyor qabullarda tuman (shahar) adliya boʼlimlari, yuridik xizmat koʼrsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari, notarius, ichki ishlar, aholi bandlikka koʼmaklashish markazlari va byudjetdan tashqari pensiya jamgʼarmasi xodimlari ishtiroki ta’minlangan.
Buxoro shahar “Sherbudin” mahallasida o’tkazilgan sayyor qabul va huquqiy axborot kuni tadbiri ham hudud aholisi uchun muammo va murojaatlarini hal qilish uchun imkoniyat bo’ldi. Masalan, fuqaro Latofat Ergashova mahallada bolalar maydonchasini qurib berish va ko'chani yoritish uchun elektr toki bilan ta'minlashda amaliy yordam so'radi. Adliya bo’limi xodimlari o’sha yerning o’zida mutasaddi tashkilot xodimlarini qabulga jalb qilib, fuqaro murojaatini o’rganish bo’yicha ko’rsatma berishdi.
Mavluda Akramova esa uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni yo’qotganligni aytib, mazkur hujjatlarni qayta tiklash borasida mutojaat qildi. Buxoro shahar davlat xizmatlari markazi xodimlari o’sha joyning o’zida fuqarodan ko'chmas mulk obyektlariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga ariza olindi.
Murojaatlarning aksar qismi uy-joyga egalik qilish bilan bog’liq holatlar, ishga qabul qilish va tiklash, ustama to’lovlarini undirib berish, tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, tug’ilish, nikoh bilan bog’liq fuqarolik holatlari qayd qilish sohalarida bo’ldi.
Bundan tashqari, fuqarolarga tadbirkorlik qilish maqsadida yer ajratish, elektr taʼminoti, yoʼlni taʼmirlash, moddiy yordam, pensiya, mehnat va bandlik masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Albatta, har bir murojaat ortida inson manfaati yotadi. Inson qadri har narsadan ustun qo’yilgan yurtimizda fuqarolarning dardu tashvishlarini tinglash, buzilgan huquqlarini tiklashda mana shunday sayyor qabullar va huquqiy targ’ibotlar muhim ahamiyat kasb etadi.