Янгиликлар
Adliya aralashgach: tegishli to'lovlar undirildi
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Kogon tumanida yashovchi fuqaro Sh.Nazarovaning Kogon tuman hokimligi tomonidan unga tegishli to‘lovlar to‘lanmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4185-son qaroriga asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar to‘lanmaganligi aniqlandi. Natijada Kogon tuman hokimligiga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga asosan Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatdagi tuman (shahar) hokimliklarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4185-son qarori yuzasidan monitoring o‘tkazildi.
Monitoring jarayonida, Buxoro viloyatidagi tuman (shahar) hokimliklari tomonidan hokimliklardagi bolalarni himoya qilish sho‘basi mudiri yoki bosh mutaxassisi lavozimiga ishga qabul qilingan xodimlarga tegishli to‘lovlar to‘lanmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4185-son qarorining 2-bandida vasiylik va homiylik organlari xodimlariga o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanishi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirib borishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatdagi barcha tuman (shahar) hokimliklariga qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish maqsadida, bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritildi.
Tuyg'un Azimov, viloyat adliya boshqarmasi,
Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi boshlig'i