Янгиликлар
Sogʻlom farzand koʻray desangiz...
Bir kuni xotin-qizlar qoʻmitasi raisasi meni oʻz xonasiga chaqirib: “Bir otaxon kelganlar, yordamingiz kerak”, dedi. Bordim. Xonada 70 yoshdan oshgan otaxon oʻtiribdilar. Salomlashgach, dardlarini toʻkib soldilar. Aytishlaricha, yaqinda oʻgʻil uylantirib, kelin tushiribdilar. Toʻydan keyin kelinning kasalligi, aniqrogʻi oʻpka sili bilan roʻyxatda turishi aniqlanibdi.
Otaxon: “Menga kasal kelin kerak emas, qudalarim qizining kasalligini aytmadi, qizini olib ketsin va menga toʻy uchun qilgan xarajatlarimni qaytarsin”, deb talab qilyaptilar. Yoshlar qonuniy nikohdan oʻtgan-oʻtmaganliklari bilan qiziqdim. “Kelinning kasalligiga qonuniy nikohning nima aloqasi bor?” dedilar otaxon norozi boʻlib. Otaxonga toʻydan oldingi tibbiy koʻrikning ahamiyatini batafsil tushuntirdim va muammoning asosiy sababi – kelin-kuyovning qonuniy nikohdan va tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmaganliklarida ekanligini aytdim. Agar ular toʻydan oldin belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtganlarida, kelinning kasalligi maʼlum boʻlar, toʻy toʻxtatilar, xonadonga kasal kelin kelmas, otaxonning toʻyga sarflagan puli ham choʻntagida turardi.
Hammamizga maʼlumki, oʻpka sili ham naslga taʼsir qiluvchi irsiy kasallik hisoblanadi va “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizomda sanab oʻtilgan kasalliklar sirasiga kiradi. Bunday paytda kelin toʻygacha maxsus davolash kursidan oʻtib, davolanib, undan keyin turmush qurishi mumkin.
Farzand bersa, vaqti-soati bilan, uzoq umri bilan, toʻrt muchasi sogʻ, xayrli farzand bersin, deymiz. Buning uchun esa birinchi navbatda ota-onaning oʻzi sogʻlom boʻlishi kerak, bolaning sogʻlom unib, oʻsishi uchun sogʻlom oila, sogʻlom muhit, sogʻlom turmush tarzi kerak.
Joylarda, yaʼni oʻquv yurtlarida, mahalla fuqarolar yigʻinlarida, yoshlar va keng omma orasida oʻtkazilayotgan tibbiy, huquqiy targʻibot tadbirlarimizda yoshlarni oilaga, er-xotin boʻlishgagina emas, balki ota-ona boʻlishga ham tayyorlashimiz kerak. Ularning huquqiy ongini, tibbiy, maʼnaviy bilimlarini oshirib borsak, oilalarda sogʻlom muhit barqarorligiga erishamiz.
Bu oʻrinda “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 2003-yil 25-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomning ahamiyati katta boʻlmoqda. Nikohlanuvchilar tibbiy koʻrikdan oʻtish natijasida bir-birlarining sogʻliklaridan xabardor boʻlib, bir-birlarini yaqindan bilishadi. Faqat buning bir sharti, asosiy sharti tibbiy koʻrik toʻydan oldin boʻlishiga erishishimiz kerak. Nikohlanuvchilar turmush qurib boʻlgach, tibbiy koʻrikdan oʻtganlari befoyda. Yuqorida aytganimizdek, sogʻlom ota-onadan sogʻlom farzand dunyoga keladi.
Qorakoʻl tuman FHDY boʻlimida oʻtgan 2022-yil davomida 1 460 ta nikoh qayd qilingan boʻlib, nikohlanuvchilar hammasi tibbiy koʻrikdan oʻtdilar, ammo hammasi ham toʻydan oldin oʻtdi, deya olmaymiz. Ming afsuslar boʻlsinki, aniqlangan kasalliklar ham aynan toʻydan keyingi tibbiy koʻrikda aniqlanyapti. Agar toʻydan oldin kasallik aniqlansa, balki bu nikoh qayd qilinmasdi. Bu aholimizning eʼtiborsizligimi, oqibatini tushunib yetmasligimi, xullas tibbiy, huquqiy ongimiz yetarli darajada emasligidan boʻlsa kerak.
Farzandlarning yaxshi yashashi, kamol topishi uchun oila birdan-bir makon va tabiiy muhit hisoblanadi. Ota-onalar farzandlarini Vatanga sodiq, mehnatsevar, ishbilarmon va jamiyat qurilishining faol ishtirokchilari qilib tarbiyalashga maʼnan masʼuldirlar. Hammamizga yaxshi, komil farzandlar bilan yaxshi nom qoldirish baxti nasib qilgan boʻlsin.
Qorakoʻl tuman FHDY boʻlimi mudirasi
Ziyadullayeva Dildor Elmuratovna