Янгиликлар
28
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga murosasiz munosabat shakllantiriladi.
Korrupsiya taraqqiyot kushandasi. Prezidentimiz raisligida joriy yilning 5 mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilab berildi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak», deya alohida ta’kidlaganlari ham uning naqadar xavfli illat ekanligini ko‘rsatadi. Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yo‘qotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini ta’minlashga to‘sqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, hokimiyatga ishonchsizlikni, halokatli og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 21 aprelda «Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-147-sonli qarori qabul qilindi.
Viloyat hokimligida «Korrupsiya—taraqqiyot kushandasi» deb nomlangan dolzarb mavzuda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy o‘quvda viloyat hokimligi apparati mas’ul xodimlari viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Baxronovning korrupsiya, poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiste’mol qilish, bu borada davlat hokimiyati boshqaruv idoralarida borayotgan izchil islohotlar to‘g‘risidagi ma’ruzasini tingladilar.